MANAR Development marketing direktori developmentda ishonch va strategiyani qanday shakllantirish haqida.
Developmentda ko‘pincha kvadrat metrlar, investitsiyalar va qurilishlar haqida so‘z yuritiladi. Biroq, fasad ortidagi asosiy strategiya va brend qabul qilinishi kamroq muhokama etiladi. Aynan shu jihat “qurilgan narsani” sotadigan va bozorni shakllantiruvchi kompaniyalar o‘rtasidagi farqni belgilaydi. MANAR Development marketing direktori Botir Abdurahmonov ko‘chmas mulk marketingini jonli organizm sifatida ko‘radi. “Agar marketing strategiya bilan bog‘liq bo‘lmasa, u chumchuqlarga qarata to‘p otishdek behuda harakatga aylanadi. Zamonaviy bozorda bunday yondashuv natija bermaydi,” deydi u. Biz uning asosiy tamoyillarini o‘z faoliyatida amal qiladigan “10 qoida” ko‘rinishida jamladik.

1-qoida.
Strategiya taktikadan ustun turadi
Ishni reklamadan emas, balki brendni joylashtirish, yo‘nalishni belgilash, vazifa, maqsadlar va brend platformasini shakllantirishdan boshlash lozim. Busiz targ‘ibot o‘z ahamiyatini yo‘qotadi: agar kompaniya o‘z mijozini va unga nimani taklif etayotganini aniq bilmasa, chiroyli renderlar va bannerlar xaridorni ishontira olmaydi. Faqat strategiya ishlab chiqilgandan so‘nggina marketing tasodifiy aktsiyalar to‘plami emas, balki o‘sish vositasiga aylanadi.
2-qoida.
Maqsad – bu mahsulot emas, insonlar
“Birlamchi” yoki “tijorat” segmentatsiyasi xaridorlar haqida hech qanday ma’lumot bermaydi. Maqsad – bu ko‘chmas mulk turlari emas, balki aniq ehtiyojlarga ega bo‘lgan odamlardir: “o‘z uyasini” qurmoqchi bo‘lgan yosh oilalar, kapitalini minimal xavf bilan ko‘paytirmoqchi bo‘lgan investorlar yoki talaba farzandlariga boshqa shaharda uy-joy sotib olmoqchi bo‘lgan ota-onalar. Har kimning o‘ziga xos muammolari va turli xil motivatsiyalari bor. Agar buni e’tiborsiz qoldirsak, kompaniyalar “hamma uchun” ishlashga mahkum bo‘lib, oxir-oqibat hech kimga muvofiq kelmaydi.
3-qoida.
Kvartiradan emas, mijozdan boshlang
Developerlar ko‘pincha “Biz yaxshi kompleks quramiz va uni sotib olishadi” deb o‘ylashadi. Ammo xarid qilish to‘g‘risidagi qarorni o‘ziga xos ehtiyojlarga ega bo‘lgan inson qabul qiladi. Yosh kelin-kuyovlarning kutgani boshqa, ko‘p bolali oilalarniki esa boshqa. Mahsulot auditoriya ehtiyojlaridan kelib chiqishi kerak, aksincha emas.
4-qoida.
CustDev – bozorni tushunishning eng yaxshi usuli
Chuqur suhbatlar xaridorlarning haqiqiy sabablarini ochib beradi. Ba’zida inson asl istaklarini aniqlashga qaratilgan savollarga javob berishni boshlamaguncha, nima xohlayotganini o‘zi ham anglamaydi. Bu muloqotlarda eng yaxshi yechimlar tug‘iladi: xonalar soni, rejalashtirish, kirish yo‘llarini joylashtirish, joylashuv. CustDev natijalaridan olingan ma’lumotlar ham marketingda, ham mahsulotni ishlab chiqishda yordam beradi.
5-qoida.
Kuchli brend strategiyadan o‘sib chiqadi
Brend – bu logotip emas, balki maqsadli auditoriya bilan tizimli ishlash natijasidir. U kompaniya qadriyatlari va u bilan hamkorlik qiladigan odamlar asosida quriladi. Kuchli brend jonli: u o‘z auditoriyasi tilida so‘zlaydi, nafaqat tashqi qiyofani, balki mulkdorlar va xodimlar jamoasining ichki tamoyillarini aks ettiradi.
6-qoida.
Strategiya – tirik organizm
Yaxshi strategiya javonda yotmaydi, aksincha bozor bilan birga rivojlanadi, tuzatiladi va moslashadi. Bugun bir vosita ishlasa, ertaga boshqasi samarali bo‘ladi. O‘zgarishlardan qo‘rqmaslik, strategiyani moslashuvchan saqlash va uzoq muddatli istiqbolda yetakchilikni saqlab qolish uchun asosiy tamoyillarni tushunish muhimdir.
7-qoida.
Kanallar emas, yondashuv eskiradi
Yomon aloqa kanallari yo‘q – ular bilan noto‘g‘ri ishlash bor. Agar auditoriyangiz bo‘lsa, har qanday kanal natija keltirishi mumkin. Asosiysi, mijoz qayerda yashashini, qanday formatlarni qabul qilishini va aynan nima u uchun hozir va shu yerda muhimligini tushunishdir.
8-qoida.
Tendentsiyalarni doimiy ravishda kuzatib borish kerak
Bozor tez o‘zgarmoqda. Bugun hamma Instagramda, ertaga Telegram reklamalari yoki boshqa makonda bo‘lishi mumkin. Odamlar bir xil rasm va shiorlardan tez zerikadi. E’tibor markazida qolish uchun doimiy ravishda tendentsiyalarni kuzatish bilan shug‘ullanish kerak: nima ketayotganini va nima o‘rnini bosayotganini tahlil qilish, yo‘l-yo‘lakay moslashishga ulgurish lozim.
9-qoida.
Oflayn – bu yangi hashamat
Premium segmentda shaxsiy aloqa qadrlanadi: qog‘oz xat, savdo ofisi, yuzma-yuz uchrashuv. Raqamli ma’lumotlar ko‘pligi davrida bunday formatlar hurmat belgisi va ishonchning zaruriy qismi sifatida qabul qilinadi. Odamlar mahsulotni his qilishni va insonlar bilan suhbatlashishni istaydi, brend ortida haqiqiy kompaniya turganiga ishonch hosil qilmoqchi bo‘ladi.
10-qoida.
Avval e’tibor, keyin kengaytirish
Hatto yirik qurilish kompaniyasi ham bir vaqtning o‘zida o‘nlab yo‘nalishlarda ishlashi qiyin. Bitta sohani tanlab, uni imkon qadar sifatli yo‘lga qo‘yish va shundan keyingina kengayish kerak. Bunday yondashuv resurslarni tejaydi va shu bilan birga samaradorlikni oshiradi.
Xulosa o‘rniga – birinchi shaxsdan
“Men bu qoidalar hamma uchun umumiy, deb da’vo qilmayman. Bu mening shaxsiy tajribam va qurilish sohasidagi strategiya hamda marketingga bo‘lgan qarashlarimdir. Men uchun aytayotgan barcha narsa reklama haqida emas, balki puxta ishlab chiqilgan strategiya, o‘z auditoriyangiz va uning ehtiyojlarini to‘g‘ri tushunishdan kelib chiqadigan haqiqat haqidadir. Agar biz odamlar uchun uylar qurayotgan bo‘lsak, demak, marketing ham odamlardan boshlanishi kerak.”

